Mirziyoyev Yaponiya gigant-kompaniyalarini O‘zbekistonga taklif etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sputnik

TOShKENT, 18 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Unda JETRO, JICA, JABIC, NEDO, JOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu kabi korporatsiya va kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Uchrashuv avvalida 16-dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan Yaponiya – O‘zbekiston biznes forumi natijalari haqida axborot berildi.

Mirziyoyev Yaponiya gigant-kompaniyalarini O‘zbekistonga taklif etdi

Prezident Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarini O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi. 

“Yaponiya – bizning strategik sherigimiz. O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ko‘p ishlar qilindi. Biz bu aloqalar tarixida yangi sahifa ochish niyatida keldik. Savdo, energetika, geologiya, kimyo, transport, turizm, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida imkoniyatlar, yangi loyihalar ko‘p,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yaponiyalik tadbirkorlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Valyuta tizimining liberallashtirilishi, viza olish tartibining soddalashtirilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi. Ular O‘zbekiston prezidentining rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirdi. 

Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tovar yetkazish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.