Mirziyoyev Aichi prefekturasi gubernatori bilan uchrashdi

Uchrashuvda o‘zaro tashriflarni tashkil etish va Aichidan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Sputnik

TOShKENT, 18 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi dasturi 18-dekabr kuni tongda Aichi prefekturasi gubernatori Xideki Omura bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Mirziyoyev va uning rafiqasi Yaponiyada qanday kutib olindi

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Aichi prefekturasi o‘rtasida ta’lim va madaniyat sohasidagi samarali muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va qo‘shma agroklasterlar tashkil etish, turizm, akademik almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston tomonidan prefekturaning sherigi etib Toshkent viloyati belgilandi.

“O‘zaro tashriflarni tashkil etish va Aichidan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrif dasturidagi birinchi manzil - Nagoya shahriga kelgani xabar qilingan edi.