“Bu saylovchilarga nisbatan hurmatsizlik”: Qudratxo‘jayev plakatlardagi xatoliklar haqida

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning tashviqot plakatlaridagi nafaqat imloviy, balki yillardagi chalkashlik jamoatailik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Xalqaro press-klub raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev ayrim nomzodlarning tarjimai holidagi xatoliklar Markaziy Saylov komissiyasi sha’niga dog‘ tushirayotganligiga ishora qilgan. Bu haqda u feysbukdagi sahifasida yozib qoldirgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda guvohi bo‘lmoqdamizki, ayrim nomzodlarning tarjimai holida ko‘p imloviy va faktologik xatolar mavjud. Bunday holatlarda ba’zilar Markaziy saylov komissiyasini ayblashmoqda”,- deya izoh qoldirgan u o‘z postida.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev, shuningdek, o‘z postida nomzodlarning tarjimai holini tahrir qilish va xatosini to‘g‘rilash MSKning vazifasiga kirmasligi, bu nomzod va siyosiy partiyalarning ishi ekanligini qayd etgan.

“Bu odamlarga, saylovchilarga nisbatan hurmatsizlik. Bu plakatlarni qayergadir yopishtirishdan oldin tahrir qilish, ko‘rish mumkin-ku axir. Biz mana shunday nomzodlarni o‘z saylovchilarini va saylovlarni hurmat qilishga chaqiramiz”, -  dedi Qudratxo‘jayev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan izohida

Aytish joizki, ushbu masalaga e’tirozlar birinchi marotaba sodir bo‘layotgani yo‘q, tashviqot plakatlardagi xatoliklar bundan avvalgi saylovlar davomida ham turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston MSK nomzodlar orasida "o‘lik jonlar" borligini rad etdi

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning tashviqot plakatlaridagi nafaqat imloviy, balki yillardagi chalkashlik jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.