O‘zbekistonda shaxsni ushlashda yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda 2020-yil 1-apreldan boshlab shaxsni ushlash va ayrim protsessual harakatlarni amalga oshirishda majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi.
Sputnik

TOShKENT, 15 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yil 1-apreldan boshlab shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi. Bu prezident imzolagan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda shaxsni ushlashda yangi tartib o‘rnatiladi

Qonun bilan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan shaxs ushlanganda uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolariga, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklanadi.

Shuningdek, 2020-yil 1-iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan, shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida fuqaroni ushlash vaqtida majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini joriy etishni topshirgani xabar qilingan edi.