Termiz shahri chegarasi kengaydi

Shahar aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Termiz tumani hududining 1 561 gektar yer maydoni Termiz shahri tarkibiga o‘tkaziladi.
Sputnik

TOShKENT, 15 dek – Sputnik.  Senatning 25-yalpi majlisida senatorlar Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni ma’qullab ovoz berishdi.

Shahar aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Termiz tumani hududining 1 561 gektar yer maydoni Termiz shahri tarkibiga o‘tkaziladi.

Termiz shahri hududi kengayadi

Termiz shahriga o‘tkazilayotgan hududda 8 ta ko‘p qavatli uylar 1 ta oilaviy poliklinika, 4 ta madaniy meros obyekti, 8 ta maktabgacha ta’lim va 8 ta umumta’lim muassasalari mavjud.

Termiz tumani hududining 1 561 gektar yer maydoni Termiz shahri tarkibiga o‘tkazilishi natijasida, shahar hududi kengayib, mazkur hududda 25 ta savdo xizmat ko‘rsatish obyektlari, 13 ta tibbiyot muassasasi, 15 ta sport va madaniy obyektlar, 6 ta umumta’lim maktabi, 5 ta maktabgacha ta’lim muassasi hamda 2 ta 12 qavatli zamonaviy mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.

Termiz shahriga 1929 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 146 ming kishini, umumiy yer maydoni 2,8 ming gektarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Termiz shahri hududi kengayishi haqida xabar qilingan edi.