Buxoro hokimiyati hojatxonada dars o‘tayotgan o‘quvchilar suratiga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqda Kogon shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabining hojatxonasidan o‘quvchilar uchun sinf xonasi tashkil etilganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Sputnik

TOShKENT, 15 dek – Sputnik. Buxoro hokimiyati hojatxonada dars o‘tayotgan o‘quvchilar suratiga munosabat bildirdi.

Buxoro viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, internetda tarqalgan xabar viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari tomonidan batafsil o‘rganilgan.

O‘zbekistonda “Zamonaviy maktab”larni tashkil etishga 4 trln so‘m sarflanadi

Ta’kidlanishicha, mazkur ta’lim maktabi 1986-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda 2013-yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan 1051 o‘rinli zamonaviy binoda joylashgan.

Unda 2019-2020 o‘quv yilida 1573 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda. Maktab binosi 3 qavatdan iborat bo‘lib, 1986-yilda har bir qavatida ichki hojatxona, yuvinish xonalari loyihalashtirilgan bo‘lsa-da, barcha qavatlarda hojatxona yo‘q.

Ta’lim muassasasining hojatxonasi esa birinchi qavatida joylashgan va shu hojatxonadan foydalanib kelinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqda suratlari tarqatilgan 2 va 3–qavatlardagi hojatxona va yuvinish xonalaridan yillar davomida foydalanilmagan hamda maktab ma’muriyati tomonidan yopib qo‘yilgan.

“Bundan bir oycha avval ana shu xonalardan biri o‘quvchilar bilan alohida, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda foydalanish uchun rekonstruksiya qilingan. 13-dekabr kuni ushbu xonada 9-sinf o‘quvchilaridan maktab o‘zbek tili o‘qituvchisi A.F. rahbarligida o‘zbek tilidan nazorat ishi olingan. Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan surat shu jarayondan”,  - deyiladi xabarda.   

Xabarda Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining talabi bilan yuqorida tasvirlangan xonadan foydalanish to‘xtatilgani qayd etilgan.

Shuningdek, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun ikkinchi smenada, tushdan keyin bo‘shaydigan sinf xonalaridan foydalanish tashkil etilgan.