TOShKENT, 14 dek - Sputnik. 19-dekabr kuni Toshkentdan Moskvaga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati.
Bu Transport vazirligining Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va yangi yil bayramini O‘zbekistonda kutib olishni niyat qilgan vatandoshlarga va chet el fuqarolariga bayram tuhfasi ekanligi ma’lum qilingan.
Qatnovlar "Uzautotrans Service" korxonasi tomonidan zamonaviy Yutong avtobuslarida amalga oshiriladi.
Joriy yilning 19-dekabr kuni soat 12:00 da ilk avtobus Rossiya Federatsiya poytaxti Moskva shahri tomon "Toshkent" avtovokzalidan yo‘lga chiqadi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha chipta narxi 900 000 so‘m etib belgilangan.
Ushbu yo‘nalish bo‘ylab muntazam avtobus qatnovlari haftasiga ikki marotaba dushanba va payshanba kunlariga belgilangan. Avtobuslar "Toshkent" avtovokzalidan soat 12:00 da yo‘lga chiqadi. 22-dekabr kuni esa Moskvadagi "Novoyasenevskaya" avtostansiyasiga Moskva vaqti bilan soat 14:00 da yetib boradi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod va Qozon shaharlariga ham muntazam avtobus qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda.