TOShKENT, 11 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab davlat organlari tomonidan 28ta ma’lumotnomalarni talab qilish tartibi bekor qilinadi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Burokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish… to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Xususan ushbu qarorda 1-yanvardan boshlab fuqarolardan quyidagi hujjatlarni talab qilish mumkin emas:
- Yashash joyidan ma’lumotnoma
- Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha yashayotganligi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risidagi ma’lumotnoma
- Doimiy va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar soni to‘g‘risida ma’lumotnoma
- Doimiy yashash joyida yashayotgan muddati ko‘rsatilgan ma’lumotnoma
- Yashovchi shaxslar sonini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma
- Turar joyda yashovchi shaxslar ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma
- Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha bir o‘zi yashashi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma
- Fuqaroning yolg‘iz yashayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma
- Oila a’zolarining pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turganligi holatini tasdiqlovchi ma’lumotnoma
- 80 yoshga to‘lgan, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksa yoshdagi odamni parvarish qilgan vaqtni tasdiqlovchi ma’lumotnoma
- Qaramog‘ida mehnatga layoqatsiz oila a’zolari borligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Vafot etgan boquvchining qaramog‘idagi oila a’zolari tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
- Vafot etgan xodim bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida ishlovchi fuqarolarning bandligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Shaxs haqiqatan nogironni parvarish qilayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Ishsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
- Vafot etgan boquvchining ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, buvasi, buvisi, aka-ukasi yoki opa-singlisidan biri vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Vafot etgan shaxsning ota-onalari, turmush o‘rtog‘i yoki oilaning boshqa a’zosi vafot etgan shaxsning uch yoshga to‘lmagan bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
- Xodimning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ma’lumotnoma
- Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalarni olish uchun voyaga yetmagan shaxsning yoki pasport olmagan shaxsning fotosurati yopishtirilgan ma’lumotnoma
- Vasiylikka olinganlarni ta’minlash va ularni zarur darajada parvarishlash bo‘yicha qarindoshlarining bunga qodirligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma
- Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan ishlamaydigan shaxslar uchun ma’lumotnoma
- Shaxsiy yordamchi xo‘jaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtirish bilan bandligi to‘g‘risida ma’lumotnoma
- O‘zi tayyorlagan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma
- Kasallikka chalingan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) ayollarning alohida xonada yashashi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotnoma
- Kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma
- Jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarning tavsifi bilan ma’lumotnoma
- Dafn o‘tkazilganligi holatini tasdiqlash uchun ma’lumotnoma
Shuningdek, prezident qarorida aytilishiga ko‘ra, 1-yanvardan boshlab davlat muassasalari va ularning tarkibiy bo‘linmalari orasida hujjat aylanishi qog‘oz ko‘rinishida emas faqat elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.
2021 yil 1-yanvargacha O‘zbekiston qog‘oz ko‘rinishdagi blanklardan to‘liq voz kechishga qaror qilgan.