TOShKENT, 10 dek – Sputnik. Yangi yildan boshlab hokimiyatlarga tegishli bo‘lgan bir qator vakolatlar ular tasarrufidan chiqariladi. Bu haqida prezident imzolagan “Burokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish ...” to‘g‘risidagi qarorda aytib o‘tilgan.
Xususan, 1-yanvardan boshlab mahalliy hokimiyat organlarining quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
- texnologik, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;
- buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
- atmosfera havosini ifloslantirishning turg‘un manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bog‘liq faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;
- o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilish;
- bozor faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qilish.
Shuningdek, prezident qarorida, yangi yildan boshlab davlat organlari tomonidan fuqarolardan bir qator ma’lumotnomalarni (mahalladan spravka) talab qilish bekor qilinadi.
Undan tashqari, qarorda 2021-yilning 1 yanavaridan boshlab davlat organlari va ularning bo‘linmalari orasida hujjat aylanishi va hisobotlar - faqat elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi, deyilgan qarorda.