Termiz shahri hududi kengayadi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi qator fuqarolar yig‘inlari hududlarining to‘liq qismi Termiz shahri tarkibiga o‘tkaziladi.
Sputnik

TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va tasdiqlash to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqdilar.

"O‘zbekiston Yaltasi", yoxud diplomatlarni hayratlantirgan Termiz

Nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududidagi “Manguzar”, “Chegara”, “Pattakesar”, “Tinchlik”, “Alisher Navoiy”, “Kokildor ota” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari to‘liq, “Nurli diyor” va “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining bir qismi (umumiy yer maydoni 1 561 gektar) Termiz shahri tarkibiga o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar hududda aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratish bilan birga, Termiz shahar va Termiz tumanini iqtisodiy jihatdan boshqarishda hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu loyiha Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati tarkibida yangi tuman tashkil etilishi xabar qilingan edi.