Sputnik O‘zbekiston muxbiri Abdumannon Qarshiyev bilan suhbatlashdi va o‘sha kuni nima ro‘y bergani hamda uning ona shahri va hayotiy qadriyatlari haqida so‘rab bildi.
- Abdumannon, qayerda tug‘ilib o‘sganingiz haqida hikoya qilib bersangiz.
- Qashqadaryo viloyatidagi Chiroqchi mening ona shahrim. U kichkina shahar. Diqqatga sazovor joylardan faqat qal’a va mahalliy jamoa o‘ynaydigan futbol stadioni bor. Bolalik va yoshlikdagi iliq xotiralarim bor: serquyosh makon, qo‘shni bolalar bilan quvnoq o‘yinlar, toza meva-savzavotlar, xushmuomila qo‘shnilar. Biz tez-tez toqqa chiqib, darochalarda cho‘milardik. Men ulg‘ayganimda qishloq xo‘jaligida ishlashni boshladim. Chiroqchida qishloq xo‘jaligi juda rivojlangan. Hosil yaxshi bo‘ladi.
- Qachon va nima sababdan haydovchi bo‘lgansiz?
- Uyda avtomobilim bor edi. Yoshligimdan haydashni o‘rganganman va menga ma’qul bo‘lgan. Tezlikni yaxshi ko‘raman deb ayta olmayman, lekin mashina ishimizda juda asqotardi. Biz axir juda ko‘p meva va sabzavot yetishtirardik, keyin men ularni katta qoplarda mahalliy bozorlarga olib borardim. Shaxsiy transpot buni tez bajarishga imkon berardi. Mashina yordamchim edi.
- Nima uchun Sankt-Peterburgga ko‘chib kelgansiz?
- Ilk bor bu yerga 10-yil ilgari kelganman. O‘shanda do‘stlarimnikiga mehmonga kelgandim. Bu ulkan chiroyli shaharni ko‘rishni azaldan orzu qilardim, u haqida do‘stlarimning ko‘plab hikoyalarini eshitganman va o‘qiganman. Bu yerda odamlarning qanday yashashi va umuman muhit qandayligi qiziq edi. Men Peterburgda yaxshi dam oldim va qaytishga qaror qildim. O‘z oldimga suhbatlashish uchun bo‘lsa ham rus tilini o‘rganishni maqsad qilib qo‘ydim. Bir qancha vaqt o‘tib Peterburgga ko‘chib keldi. Mana bir necha yildirki shu yerda yashab kelyapman.
- “Tretiy park” kompaniyasidagi ishingiz haqida so‘zlab bersangiz.
- Uch yil ilgari bu korxonaga ishga kirganman. Bungacha yengil mashina haydab, kirakashlik qilganman. Avtobus haydovchisi sifatida ishga kirish uchun boshqa toifadagi haydovchilik guvohnomasini oldim. 211-sonli yo‘nalishdagi avtobusda mehnat qilaman. Har kuni yo‘lovchilarni “Chornaya rechka” metro bekatidan olaman va Kurort tumanidagi Zelenogorsk shahriga eltib qo‘yaman. So‘ngra biroz dam olib, ortimga qaytaman. Men hatto yo‘nalishim shahardan tashqarida ekanligidan xursandman. Boisi har kuni daraxtlar va Fin ko‘rfazini ko‘raman.
- Keling, YTH haqida biroz suhbatlashsak. Bu qanday ro‘y berganini hikoya qilib bersangiz.
- Qo‘rqinchli manzara edi, albatta. Yon oynadan avtobus salonining oxiridagi tutunga ko‘zim tushib qoldi. Darhol to‘xtadim, barcha eshiklarni ochib, odamlar zudlik bilan avtobusdan tushishlari uchun baqira boshladim. Xudoga shukur, texnika bu tutundan o‘chib qolmadi va eshiklar muammosiz ochildi. Chiqish eshiklar yopilib qolganda juda katta fojia bo‘lardi axir.
Yo‘lovchilar sakrab tushishdi, keyin o‘t o‘chirish vositasi bilan olovni o‘chirishga urindim. Bu orada kimdir FVV xodimlarini chaqirdi. Ular kelishdi va olovni o‘chirishdi. Odamlar esa keyingi avtobus bilan manzillariga yetib olishdi.
- Abdumannon, hammasini soniyalar hal qiladigan va xavfli holatlarda qanday qilib odam o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi mumkin?
- Asosiysi – tinchlikni saqlash va odamlarni vahimaga tushib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik. Meni ishga qabul qilishayotgan vaqtda birinchi o‘rinda yo‘lovchilar deb o‘rgatishgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham eng asosiysi ularning hayoti va salomatligini saqlab qolish. Ana undan keyin agar ulgursang, transportni saqlab qol. Tan olaman, avtobus men uchun shunchalik transport vositasi emas. Har kun unda ko‘p vaqtimni o‘tkazaman. Kezi kelganda tanaffus vaqtida uxlab olaman. Avtobus Peterburgdagi ikkinchi uyim deyish mumkin, faqat harakatlanuvchi uyim.
- Atrofdagilar harakatlaringizga qanday baho berishdi? Rahbariyat, hamkasblar?
- Kompaniya rahbarlari YTHda hech kim jabrlanmaganidan juda xursand bo‘lishdi. Ular menga minnatdorchilik bildirib, esdalik sovg‘alar hadya etishdi.
- Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Hech narsa bezovta qilmayaptimi?
- Jismonan jarohatlanmadim, rahmat. Stress holatida edim, chunki bu hayotimdagi eng yirik YTH. Ko‘zim o‘ngida hali hech qachon avtobus yonib ketmagan edi. Lekin qaytaraman: asosiysi, hamma omon qoldi. Men o‘zimga kelib qoldim.
- Oilangiz bormi?
- Ha, xotinim va to‘ng‘ich qizim men bilan turishadi. Ayolim oshpaz bo‘lib ishlaydi. Ota-onam va kichik farzandlarim esa vatanimda.
- Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazishni yaxshi ko‘rasiz?
- Bo‘sh vaqtimni shunchaki uyda to‘yib uxlash, yaqinlarim bilan suhbatlashish va kino ko‘rish bilan o‘tkazishni yaxshi ko‘raman. Bilasizmi, ilgari men shahar bo‘ylab sayr qilish va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishni yoqtirardim. Biroq har doim mashinada bo‘lish so‘nggi yillarda o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. O‘z ishimni yaxshi ko‘raman, lekin shu bilan birga ko‘p kuchimni sarflayman. Shuning uchun tinch dam olish menga muhim. Mehnat ta’tilimizni esa hammamiz jonajon Chiroqchida o‘tkazamiz.
- Nimani orzu qilasiz?
- Yashashni, mehnat qilishni, ota-ona, farzandlarim va xotinimga g‘amxo‘rlik qilishni istayman. Men katta rejalar tuzmayman, bor narsamni esa qadrlayman.
Yaqin yillarni Peterburgda o‘tkazaman deb o‘ylayman. Bu shahar menga deyarli ona shahrimdek qoldi. Barcha farzandlarimni oyoqqa turg‘azgandan keyin O‘zbekistonga qaytaman.