TOShKENT, 6 dek - Sputnik. O‘zbekiston IIV Qozog‘istonda pasportlarini yo‘qotib, yashash manzillariga qaytolmay, qiyin ahvolga tushib qolgan 12 nafar fuqaroni Vatanga qaytardi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida O‘zbekiston va Qozog‘iston Ichki ishlar vazirliklari Qozog‘iston hududida hamkorlikda "Nolegal" operatsiyasini o‘tkazgan edilar. Nur-Sulton, Olma-Ota va Chimkent shaharlarida o‘tkazilgan reydlar davomida aniqlangan - fuqarolik pasportlarini yo‘qotib yashash manzillariga qaytolmay, qiyin ahvolga tushib qolgan 12 nafar (2 ayol, 10 erkak) fuqaroga O‘zbekistonga qaytish guvohnomalari berilgan.
Bugun ular Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida "Olma-ota–Toshkent" aviareysi bilan O‘zbekistonga olib kelingan.
"Mazkur fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi binosiga olib kelindi, barchasiga tibbiy (rentgen tekshiruv, qon analizlari tekshiruvi, turli yuqumli kasalliklarga tekshiruv), psixologik va yuridik yordam ko‘rsatildi hamda yashash manzillariga yetib olishlari uchun eng kam ish haqining bir barovari miqdorida pul mablag‘lari ajratildi", - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda Tashqi ishlar vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan 41 nafar fuqaroni O‘zbekistonga qaytarish choralarini ko‘rishmoqda.