TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi Bobir Elmuradov ishi yuzasidan bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar Zebinisobegim ko‘chasidagi 58-manzilda joylashgan 26 ta xonadonga 7,5 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 9 nafar mansabdor shaxslar aybdor deb topilgan. Ulardan 4 nafariga nisbatan jinoyat ishining qismi O‘zbekiston JPKning 84-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan.
“Jinoyat ishi bo‘yicha "Afrosiyob Stroy Servis" MChJ rahbari Kamoliddin Shukurov, Samarqand shahar hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirgi kunda Samarqand viloyat bosh arxitektori Bobir Elmuradov, Kapital qurilish direksiyasi sobiq boshlig‘i Temur Xaliqulovlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 167, 205, 228-moddalari bilan ayblanib, sudga berilgan. Tergov natijalari bo‘yicha B.Elmurodov va T.Xaliqulovlar gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi sifatida ushlanmagan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan”, - deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mazkur jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida mazmunan ko‘rilmoqda.