TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Metroning Yunusobod yo‘nalishidagi ikkinchi tunnelda burg‘ilash ishlari yakunlandi. Joriy yil oxiriga qadar “Turkiston” bekatiga sinov tariqasida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabariga ko‘ra, hozirgi kunda Yunusobod yo‘nalishining o‘ng tunnelida burg‘ilash ishlari tugatilib, mavjud bo‘lgan “Shahriston” bekati bilan ulash ishlari boshlab yuborilgan.
Muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini sozlash, “Shahriston” hamda qurilayotgan “Turkiston” va “Yunusobod” bekatlarini birlashtirish, shuningdek, temir izlarini yotqizish ishlari davom ettirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, loyihasi doirasida amalga oshirilgan umumiy ish hajmining 90 foizdan ortig‘i bajarilgan. Qurilish belgilangan jadvalga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.
“Joriy yil oxiriga qadar “Turkiston” bekatiga sinov tariqasida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 2020-yilda esa yo‘lovchilar uchun poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishgani xabar qilingan edi.