Toshkent markazida yana bir yirik qurilish boshlandi

Toshkent markazida Amir Temur va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida joylashgan avtoturargoh o‘rinda nima qurilishi ma’lum bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 4 dek  - Sputnik. Toshkent shahrining Amir Temur va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida joylashgan yirik bepul avtoturargoh 4-dekabrdan yopildi, deb xabar qilmoqda “Xalq so‘zi”.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, bu yerda “Tashkent Central Park” – 5 yulduzli mehmonxona, savdo -ko‘ngilochar markaz va tijorat banki ko‘p tarmoqli majmua quriladi.

Majmuani Turkiyaning “Taşkent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim şirketi” qurilish kompaniyasi va O‘zbekistonning “UzTur Investment and Development” MChJ kompaniyalari quradi.

"Toshkent-siti" - maydoni 70 gektar, qiymati 1 mlrd dollar

Ushbu obyekt loyihasi Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, shu kungacha shaharning qoq markazida joylashgan hududda yaqin atrofda joylashgan Ucell, Mobiuz (UMC), Ipoteka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Bosh pochtamt va boshqa tashkilotlar xodimlari o‘z avtoulovlarini qoldirib ketishar edi.

Ayni damda poytaxt markazida boshlangan ushbu yangi qurilish ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Xususan, ushbu obyekt bor yo‘g‘i 3 oy oldin tashkil qilingan turkiya kompaniyasiga soliq  imtiyozlari bilan berilganidan norozilik bildirilmoqda. Shaharning qoq markazida joylashgan ushbu yer maydonining narxi oltinga teng. Har qanday investor uni hech qanday imtiyozsiz jon deb olgan bo‘lardi, deyishmoqda blogerlar.