TIV Rossiyada 50 kishi hayotini qutqarib qolgan o‘zbekistonlik haqida bayonot berdi

Haydovchi orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgudan qora tutunni ko‘rib, to‘xtagan. Barcha eshiklarni ochib, evakuatsiya e’lon qilgan. Yo‘lovchilar sarosimaga tushmay, avtobusdan chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, ulardan hech kim jarohatlanmagan
Sputnik

TOShKENT, 4 dek - Sputnik. O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi 1-dekabr kuni shaharning Primorskoe shossesida ichida taxminan 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan 211-yo‘nalishdagi avtobus yonib ketgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi, deb xabar bermoqda TIV matbuot-xizmati.

Sheremetyevoda samolyot yonayotgan vaqtda xo-xolab kulganlar qattiq jazolanadi

Avtobus haydovchisi - O‘zbekiston fuqarosi Abdumannon Qarshiyevning tezkor va to‘g‘ri harakatlari tufayli hech kim jabrlanmagan.

Qarshiyev avtobus haydovchisi sifatida "Tretiy park" OAJda 2016-yildan buyon mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan, deyiladi xabarda.

Xabarlarga ko‘ra, avtobus standart yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. Haydovchi orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgudan qora tutunni ko‘rib, to‘xtagan. Barcha eshiklarni ochib, evakuatsiya e’lon qilgan. Yo‘lovchilar sarosimaga tushmay, avtobusdan chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, ulardan hech kim jarohatlanmagan.

Haydovchi esa o‘t o‘chirish vositasi orqali alangani mustaqil bostirishga harakat qilgan.

"Kompaniyada ushbu jasoratli haydovchining mardonavor xatti-harakati va yuqori professionalligi e’tirof etildi. U vaziyatning murakkabligiga qaramay, sarosimaga tushmagan va yonayotgan avtobusdan yo‘lovchilarni olib chiqqan", - deyiladi xabarda.