O‘zbekistonda saylovchilar vaqtincha yashash joyida ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladi

Agar fuqaro saylov uchastkasi hududida vaqtincha bo‘lsa, u holda uni vaqtincha yashash joyida saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasi hal qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 4-dekabr - Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda amalda birinchi marta Yagona elektron saylovchilar ro‘yxati va saylov jarayonlari haqidagi axborotni boshqarish tizimi qo‘llaniladi, deb yozadi O‘zA.

Saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan shubhali xabarni o‘rganadi

Kecha matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yangi loyihaga ko‘ra, fuqarolarni ma’lum bir uchastka saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilgan uyma-uy tekshirish natijalariga binoan amalga oshiriladi.

"Agar fuqaro saylov uchastkasi hududida vaqtincha yashasa, uchastka saylov komissiyasining a’zosi uning ovoz berish kuni ushbu hududda bo‘lish-bo‘lmasligini aniqlaydi va uni vaqtincha yashash joyida saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasi hal qilinadi", - deyilgan bayonotda.

Agar saylovchi ro‘yxatga olingan joyda yashamasa, u vaqtincha yashash joyidagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va ovoz berishi mumkin. Buning uchun u kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi kerak.

Agar saylov uchastkasi xududida vaqtincha yashovchi fuqaro bilan suhbatlashish imkoniyati bo‘lmasa, u ushbu manzil bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 22-dekabrda O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Jarayon yangi Saylov kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi. Endilikda partiyalar barcha 150 ta saylov okruglarida nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega.