Emomali Rahmonning o‘g‘li Toshkentda taklif bilan chiqdi

Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali Toshkentga tashrifi davomida o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov bilan uchrashdi.
Sputnik

TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali Toshkentga tashrifi davomida birgalikda futbolni rivojlantirishni taklif qildi.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rustam Emomali tashrifining ikkinchi kuni Toshkentdagi Milliy stadionga borgan.

Delegatsiya a’zolari stadiondagi sharoitlarni ko‘zdan kechirish davomida futbolchilar va tomoshabinlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishishdi.

Rustam Emomali stadiondagi "Futbol tarixi" muzeyida bo‘lib, o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov bilan uchrashgan.

Emomali Rahmonning o‘g‘li Toshkentda taklif bilan chiqdi

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat jarayonidan unga 7- raqamli futbolka va Ravshan Ermatovning dastxati tushirilgan sariq va qizil kartochkalar sovg‘a qilingan.

“O‘zaro muloqot davomida Rustami Emomali Osiyo davlatlari orasida futbolni yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo futbol jamoalari o‘rtasida musobaqalar tashkil etish fikrini bildirdi”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, tojikistonlik delegatsiya a’zolari Uchtepa tumanidagi “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” MChJga qarashli bo‘lgan Issiqxona majmuasi bilan ham tanishgan.

Xabarda joriy yilda 500 mingdan ziyod gullar Tojikistonga yetkazib berilgani va bu o‘simliklar bugungi kunda Dushanbe shahrini bezab turgani qo‘shimcha qilingan.

Rustam Emomali 2019-yilning aprel oyidan buyon Markaziy Osiyo Futbol assotsiatsiyasining prezidenti hisoblanadi.