TOShKENT, 3 dek – Sputnik. Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda ayrim postlar faoliyati qayta vaqtincha qayta tashkillashtirilmoqda deb izoh berdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu postlar faoliyati qayta tiklanishi nufuzli siyosiy va bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash masalasi bilan bog‘liq.
“Fuqarolardan ushbu xavfsizlik nuqtayi nazaridan amalga oshirilayotgan muhim vazifalarni to‘g‘ri qabul qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli nomaqbul fikrlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘ona—Vodil”, “Farg‘ona—Avval” va yana bir postlar faoliyati qayta tiklangani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-maydagi qaroriga muvofiq, respublika hududida mavjud bo‘lgan 133 ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va patrul-post xizmati postlaridan 74 tasining faoliyati tugatilib, 59 tasi qoldirilgan edi.