TOShKENT, 3 dek - Sputnik. Endilikda Toshkent shahar hokimi poytaxt issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va uning lozim darajada ishlashi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. Bu prezident imzolangan qarorda ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahar tumanlari hokimlari tegishli hududda issiqlik ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatish sohasida quyidagilar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi:
- iste’molchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash;
- issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlari, iste’molning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni o‘lchami asosida o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlashga, shuningdek, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishiga ko‘maklashish;
- issiqlik ta’minoti tizimi obyektlarining holati, foydalanilishi va ularga ta’mirlash xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
- issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va o‘rnatilishini, shuningdek, issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;
- issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish.
Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahar tumanlari hokimlarining issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish sohasidagi faoliyati samaradorligini yiliga kamida ikki marotaba baholaydi. Shuningdek, mas’ul shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 25-oktabrdan poytaxtda isitish mavsumi boshlangan.