O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi bosh murabbiyi olamdan o‘tdi

Rustam Kariyev boshchiligida O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi 4 karra jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 2 dek – Sputnik. O‘zbekiston amputantlar terma jamoasining 4 karra jahon chempioni unvoni sazovor bo‘lishiga hissa qo‘shgan bosh murabbiy Rustam Kariyev 68 yoshida vafot etdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabariga tayanib xabar qilmoqda.

Rustam Kariyev 1951-yil 15-yanvarda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, harbiy sifatida faoliyat olib borgan va kapitan darajasigacha ko‘tarilgan.

1988 yilda esa Afg‘onistondagi janglarda jarohatlanib, nogiron bo‘lib qaytgan sobiq harbiylardan iborat “Matonat” nogiron-amputantlar jamoasini tuzadi. 1998-yilda jamoaning nomi “Baynalminal”ga o‘zgartirildi.

Shu vaqt davomida “Baynalminal” jamoasi 11 karra Rossiya ochiq chempionati g‘olibi, ko‘p bora “Rojdestvo kubogi”, ikki karra MDH kubogi sohibiga aylangan. Bundan tashqari, asosini “Baynalminal” jamoasi a’zolari tashkil etgan O‘zbekiston terma jamoasi 4 karra jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritadi.

Rustam Kariyevning mamlakatda nogiron-amputantlar sportini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari mamlakat tomonidan munosib rag‘batlantirilgan holda “Do‘stlik” ordeni va qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Sputnik O‘zbekiston tahririyati marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.