Toshkentda 12 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi

Metroning Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichini qurish ishlari doirasida yer osti o‘tish yo‘li barpo etilishi munosabati bilan 12 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi.
Sputnik

TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Toshkentda 12ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, bunga Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichini qurish ishlari doirasida yer osti o‘tish yo‘li barpo etilishi sabab bo‘lgan.

Dekabrda Moskva va Sankt-Peterburgga doimiy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Ahmad Donish ko‘chasining Yangi shahar ko‘chasi kesishmasi orasidagi (Yunusobod bozori yonida) 3 tomonlama harakatlanish yo‘li hamda Ahmad Donish ko‘chasining (“Uch baqaloq” kafesidan) Yunus ota ko‘chalari kesishmasi orasidagi yo‘llar 2019-yil 12-dekabrga qadar vaqtincha yopiladi.

Mazkur hududlardan o‘tuvchi 5, 52, 60, 72, 82, 91, 96, 97, 140, 149, 152, 190-sonli yo‘nalishlardagi avtobuslarning harakat yo‘li vaqtincha yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz bo‘lgan yondosh ko‘chalar orqali o‘tkaziladi.

Xabarda yo‘nalishlarning o‘zgartirilishi munosabati bilan harakat xavfsizligi va yo‘lovchilar tashish qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan haydovchi va chiptachilar o‘rtasida navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazilgani qo‘shimcha qilingan.