TOShKENT, 2 dek – Sputnik. Toshkentda “Bolalar bizning xazinalarimizdir” nomli tadbir o‘tkazildi, deb xabar qildi Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati.
Unda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova nutq so‘zladi.
“Joriy yilning oktabr oyida Xotin-qizlar qo‘mitasining vakillari 376 nafar o‘quvchilar tahsil olayotgan, 140 nafar pedagoglar faoliyat yuritayotgan ushbu maktab-internatga tashrif buyurib, maktab jamoasi hamda o‘quvchilar bilan uchrashib, maktabni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishilgan edi.
Shuningdek, men ushbu maktabning 6-sinf o‘quvchisi, “Markaziy Osiyo yangi talantlarni izlaydi!” loyihasi doirasidagi (“Central Asiaʼs Got Talent”) ko‘rsatuvda “Shukr qiling” nomli she’ri bilan ko‘pchilikni hayratlantirgan qizaloq Iroda O‘rozovaning iqtidorini yuqori baholab, mas’ul bo‘limlarga Irodaxonning iste’dodini rag‘batlantirish, shuningdek, uni hamda ushbu maktab-internatda o‘qiyotgan u kabi iqtidorli qizaloqlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlikka tayyorlab borish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini bergan edim”, -dedi Bositxonova.
“Har yili 3-dekabr sanasiga alohida e’tibor qaratishdan maqsad barcha mamlakatlarda jismida nuqsoni bor insonlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlash, teng huquqlilikni qaror toptirish orqali barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
Mana shu ma’noda BMT Bosh Assambleyasining 1992-yilda qabul qilgan qaroriga binoan nishonlanayotgan dunyo aholisining “eng katta ozchiligini” tashkil etuvchi imkoniyati cheklanganlar kunida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi haqiqiy ma’nodagi xazinalarimiz bo‘lgan aziz farzandlarimizga o‘z sovg‘alarini ham olib keldi”, - deyilgan xabarda.
Tadbir davomida 100-sonli tayan-harakati nuqtalarida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ta’lim berayotgan o‘qituvchilar jamoasini, o‘quvchilarni va ota-onalarni diplom va sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.