TOShKENT, 29 noya - Sputnik. Toshkentda boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi nihoyasiga yetdi. Sammit yakunida mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorligi ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilindi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sammit yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijiy va mahalliy OAV vakillari qarshisida chiqish qildi.
Mirziyoyev, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari uchrashuv davomida muhim hujjatlarni imzolaganliklarini aytdi va besh davlat rahbarlari qabul qilgan qo‘shma bayonot haqida alohida to‘xtalar ekan: "Mazkur hujjat mintaqaviy hamkorlikning har tomonlama chuqurlashtirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sherikchilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy siyosiyo irodamizni yana bir bor tasdiqlaydi", deya qayd etdi.
Ta’kidlandiki, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari sammit davomida Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish Reglamentini ma’qulladilar. Mirziyoyev, ushbu hujjat sammitlarga puxta hozirlik ko‘rish, ularni tizimli ravishda o‘tkazish, kelishilgan va o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilishga asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
"E’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati qandaydir yangi mintaqaviy tashkilot tuzilayotgani haqida gapirishga asos bo‘la olmaydi. Biz Maslahat kengashimiz. Bir-birimiz bilan uchrashib, hozirda mavjud muammolarimiz, kelgusi rejalarimiz haqida maslahatlashamiz. Masalalar ko‘p. Ular qachon yechiladi? (Qachonki) bir-birimiz bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lsa, qo‘shnichiligimiz yaxshi bo‘lsa",- dedi O‘zbekiston prezidenti.
Uchrashuv ishtirokchilari Maslahatlashuv formatidagi bunday oliy darajadagi sammitni har yili o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanligini va buni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilganlar.