Armiyaga borish yoshi va tibbiy komissiya: Qodirov asosiy o‘zgarishlar haqida

Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Ulug‘bek Qodirov harbiy tibbiy komissiyalar faoliyati va harbiy xizmatga borish yoshi haqida ma’lumot berdi.
Sputnik

TOShKENT, 29 noya – Sputnik. Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanda Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Ulug‘bek Qodirov harbiy tibbiy komissiyalar faoliyati va harbiy xizmatga borish yoshi haqida ma’lumot berdi.

“Tibbiy komissiyalar muddatli harbiy xizmatga ketayotgan yigitlar o‘tkazadi. Birinchi navbatda avvalgi qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan oldin, 16 yoshga kirganda bevosita mudofaa ishlar bo‘yicha bo‘limlarga borib tibbiy komissiyadan o‘tib, birlamchi harbiy hisobga qo‘yilar edi. Mana shu yangi qonunda boshqacha talqinda o‘zgartirganmiz. Bu 16 yoshdan emas, ta’lim muassasasini oxirgi bosqichda o‘qiyotgan yigitlar birinchi marta tibbiy komissiyadan o‘tkaziladi. Kollej, akademik litsey 3-chi kursda o‘qiyotganlar yoki o‘rta umumta’lim maktablarda 11-chi sinfda o‘qiyotganlar birinchi marta tibbiy komissiyadan o‘tkaziladi” – dedi Qodirov.

Vatanga qasamod va saralash tizimi: Kamolov muhim o‘zgarish haqida so‘zlab berdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalar kirayotgan nomzodlarni tibbiy komissiyani tashkil qiladi va undan tashqari, Milliy gvardiya, IIV, FVV, DXX - bularga nomzod sifatida saralanayotgan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar bevosita 187 ta tibbiy komissiyadan birlamchi tibbiy komissiyadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, Qodirov 2020-yil chaqiruvidan boshlab harbiy xizmatga borish yoshi haqida ham to‘xtaldi.

“Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan oldin, qonun bo‘yicha “27 yoshgacha” deyilgan, lekin fuqarolarni xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risida nizomga asosan “23 yoshgacha” etib belgilab qo‘yilgan edi. Bu bir qancha fuqarolarning e’tirozini keltirib chiqargandi. Nima uchun farzandim 23 yoshga to‘lgan, uni bir yillik armiyaga yuborish mumkin emas? Shu e’tirozlarni inobatga olgan holda, yigit kishi o‘qishni bitirguncha 22-23 yoshga kirib bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasasiga kirdiz, o‘qidiz, yana magistratura kirsangiz 24-25 yoshga yetib borasiz. Nima endi, bu fuqaro yillik harbiy xizmatga borish kerak emas? Mana shu faktlarni inobatga olgan holda, qonunga o‘zgartirish kiritdik. Hozir fuqaro 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan muddatda bir yillik harbiy xizmatga borish huquqiga ega. Mana bu 2020-yil chaqiruvidan boshlab”, - deb ta’kidladi Mudofaa vazirligi vakili.  

Eslatib o‘tamiz, bugun AOKAda Mudofaa vazirligi vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.