Samarqandda do‘pposlab o‘ldirilgan o‘qituvchi ishiga oid yangi tafsilotlar yuzaga chiqdi

IIV huzuridagi Tergov departamenti Samarqandda do‘pposlab o‘ldirilgan o‘qituvchi ishi yuzasidan yangi tafsilotlarni ochiqladi.
Sputnik

TOShKENT, 28 noya - Sputnik. IIV huzuridagi Tergov departamenti Samarqandda do‘pposlab o‘ldirilgan o‘qituvchi ishi yuzasidan yangi tafsilotlarni ochiqladi.

Aniqlik kiritilishicha,  20 noyabr kuni taxminan soat 02:00 larda 28 yoshli fuqaro I. tanishi bilan birgalikda Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi avtobus bekati oldidan o‘tib ketayotgan A. ismli ayolga gap otishgan.  Ayolning yonidagi 2 nafar erkak tanishlaridan biri I.ning yuziga bir marotaba urgan.

Samarqandda o‘lasi qilib do‘pposlangan o‘qituvchi hayotdan ko‘z yumdi

Shunda A. o‘zining tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, ularni chaqirgan. Ayolning chaqiruviga 6 kishi kelgan. Ulardan ikki nafari ayollar bo‘lgan.

Natijada ular qo‘l-oyoqlari bilan I.ning bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib do‘pposlab, og‘ir tan jarohati yetkazishgan.

Tez tibbiy yordam shifoxonasining birlamchi ma’lumotnomasiga ko‘ra, I.ga “bosh miya suyaklarini og‘ir sinishi” tashxisi qo‘yilgan.

Tergov departamenti ushbu holat yuzasidan JKning 277-moddasi 2-qismi “b”  (Bezorilik) moddasi bilan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qolgan 6 nafar gumon qilinuvchilarga nisbatan tegishli ehtiyot choralarini qo‘llash masalasi ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, fuqarolardan mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov harakatlari yakuniga yetguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul izohlar berishdan saqlanishlarini so‘rab qolgan.

Samarqandda tanishini ayovsiz do‘pposlab o‘ldirgan ikki o‘qituvchi qo‘lga olindi

Rasmiy xabarda bildirilishicha, marhum I. 2016-yil 06-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlab, 2016-yil 02-sentabr kuni Samarqand shahridagi 42-sonli umumta’lim maktabiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirgan, 2017-yil 25-sentabr kuni ishdan bo‘shagan va Rossiga ishlash uchun ketib, 2018-yil avgust oyida qaytib kelgan.

2018 yil 03-sentabr kuni yana shu maktabga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan. U rus sinflarida tarix fanidan dars berib kelgan. Joriy yilning 17-oktabr kunidan buyon ishdan bo‘shashligi haqida maktab direktorini og‘zaki ogohlantirgan va maktabga ishga bormagan. Ta’kidlanishicha, u Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek va Shohrux ko‘chalari kesishuvchi chorrahasida somsa sotish bilan shug‘ullangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda o‘lasi qilib do‘pposlangan o‘qituvchi hayotdan ko‘z yumgani va uning o‘limida gumon qilinuvchi uch kishi qo‘lga olingani xabar qilingan edi.