YHXB xodimlari bilan janjaldan so‘ng sirli tarzda o‘lgan yo‘lovchi ishi o‘rganilmoqda

Bosh prokuratura “Haydovchi Qoraqalpoqda DAN xodimlari bilan janjaldan so‘ng sirli tarzda olamdan o‘tdi…” sarlavhali maqola yuzasidan bayonot berdi. YHXB xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Sputnik

TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi 12-noyabrda A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” yo‘nalishida N.Xoliqov murdasi topilganligi yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib bormoqda.

Aniqlanishicha, 12-noyabr kuni taxminan soat 22:00larda Qo‘ng‘irot tumanidagi bojxona postida “Lacetti” haydovchisi S.O‘rinovni Qoraqalpog‘iston IIV YHXB 3-safarbarlik guruhi inspektorlari to‘xtatishgan va yo‘l harakati xavfsizligi qoidasi buzilganligi holati yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirishlarini aytishgan. Shu vaqt avtomashina yo‘lovchisi O.Husanov inspektorlarni haqorat qilgan.

IIBda xizmat xonasida sog‘lig‘i yomonlashib vafot etgan shaxs yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

O.Husanov inspektorlar bilan janjallashgan vaqtida avtomashina yo‘lovchisi N.Xoliqov ushbu holatni videoga olgan. YHXB inspektorlari undan videoga olmasligini so‘rashgan.N.Holiqov esa YHXB inspektorlari telefonini olib qo‘ymasliklari uchun avtomashinadan tushib qochib ketgan.

Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng, A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” asfalt yo‘lining 874-875-km.da N.Xoliqovning murdasi topilgan.

“Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum N.Xoliqovning o‘limi yurak qon tomir yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi sabab bo‘lgan”, - deyiladi xabarda.

Xabarda holat bo‘yicha YHXB xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani ham qo‘shimcha qilingan.