TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston Osiyoning eng boy tarixiy merosga ega mamlakati deb topildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 22-noyabr kuni Kuala-Lumpur shahrida Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri o‘rinbosari Muhammad Baxtiyor bin Van Chik O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonovga tegishli diplomni topshirdi.
Taqdirlash marosimi yillik marosim davomida bo‘lib o‘tgan. G‘oliblar Malayziyaning “Research House of Asia Media” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan Osiyo mintaqasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy va marketing tadqiqotlari natijalari asosida aniqlangan.
Taqdirlash marosimida Osiyoning 20 dan ziyod mamlakatidan 1000ga yaqin kishi ishtirok etgan.
Xabarda marosimda O‘zbekistonda YuNESKO Butunjahon merosiga kiritilgan beshta obyekt joylashgani qayd etilgani qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvaroq O‘zbekiston eng yaxshi madaniy-tarixiy turistik yo‘nalish sifatida e’tirof etilgan edi.