Bunga o‘xshash tadbir respublikada ilk bor o‘tkazilmoqda. Ushbu sport musobaqaning tashkilotchilaridan biri UFC mutlaq chempioni Habib Nurmagomedov bo‘ldi.
Bunday mazali taomlarni hech qayerda tanovvul qilmaganman - Habib Nurmagomedov
23 noyabr oqshomida bo‘lib o‘tgan janglarda Argentina, Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Braziliya, Fransiya, Italiya, Xorvatiya, Tunis, Tojikiston va O‘zbekistondan jangchilar oktagonga ko‘tarilishdi.
Quvonarlisi, o‘zbekistonlik sportchilar Avliyoxon Hamidov, Nursulton Ro‘ziboyev, Muzaffar Rajabov, Jahongir Jumayev, Ahliddin Mirzadavlatov raqiblari ustidan ishonchli g‘alaba qozonishdi. Ayniqsa, Nursulton Ro‘ziboyev va Jahongir Jumayevning janglari yodda qolarli bo‘ldi. Jamshid Rahmonaliyev va Amin Ergashev esa raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.
“Humo Arena”ni to‘ldirgan muxlislar o‘zlarining qo‘llab-quvvatlashlari, hayqiriqlari bilan jang oqshomiga o‘zgacha shukuh bag‘ishlashdi.
Shubhasiz, musobaqaning asosiy jangi Umar Nurmagomedov (Habib Nurmagomedovning amakisining o‘g‘li – tahr. ) hamda argentinalik Brayan Gonsales o‘rtasida kechdi. Umar Nurmagomedovlarga xos tarzda bo‘g‘uvchi usul bilan raqibini muddatidan avval mag‘lub etdi va chempionlik unvonini munosib tarzda himoya qila oldi.
Umar Nurmagomedov jangdan so‘ng tomoshabinlarga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Turnirning yorqin lahzalarini Sputnik O‘zbekiston lavhasida tomosha qilishingiz mumkin.