TOShKENT, 22 noya – Sputnik. “Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Prezidentning 5 ta muhim tashabbusi doirasida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimi yanada takomillashtiriladi.
Shunga ko‘ra, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2019-yilda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
- 2019-yilda Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va o‘z mablag‘lari hisobidan tadbirkorligini tashkil etadigan xotin-qizlarning tuman (shahar) kesimidagi asosiy parametrlari.
Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, joriy yilda hududiy investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirish orqali jami 88 ming 294 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitalarining tavsiyanomasi asosida 3 ming 112 nafar xotin-qizlarga 85 mlrd 500 mln so‘mlik kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan.
“Milliy qadriyat, an’ana va urf-odat” respublika hunarmand xotin-qizlarining ko‘rgazmasi tashkil etiladi.