Yevropa Korzinka.uz tarmog‘iga 40 million dollar sarmoya kiritadi

YeTTB sarmoyasi yordamida Korzinka.uz supermarketlar sonini 2025-yilga kelib 140taga yetkazish rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 22 noya - Sputnik. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) korzinka.uz supermarketlar tarmog‘iga sarmoya kiritadi, deb xabar qilmoqda kompaniya matbuot xizmati.

“Sarmoya “Anglesey Food” MChJ XK aksiyadorlik kapitaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar shaklida 40 million dollargacha kiritadi”, - deyilgan xabarda.

Ushbu sarmoya yordamida tarmoqdagi supermarketlar sonini 2025-yilga kelib 140taga yetkazish hamda korporativ boshqarish tizimini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish rejalashtirilgan.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, Korzinka.uz Yevropa Ittifoqi hamda O‘zbekiston qonunlari talablariga javob beradigan zarur moliyaviy audit hamda ekologik va ijtimoiy ekspertizalardan o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i 1996-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, “Anglesey Food”  kompaniyasi tarkibiga kiradi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning 9 ta hududidagi 50 ta korzinka.uz va korzinka.uz DISKONT supermarketlari faoliyat yuritmoqda.