Shavkat Mirziyoyev texnoparkning yangi bosqichi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020-yilda 10 million dollardan ortishi, 2025-yilda esa 100 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar.
Sputnik

TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga tashrif buyurdi va parkning angi bosqich qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkentda O‘zbekistondagi ilk zamonaviy IT Park ishga tushdi

Texnoparkda mutaxassislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan.

Hozirda axborot texnologiyalari, moliya texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi ilk loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

Masalan, AQShdagi transport korxonalariga logistika hamda kafe va pisseriyalarga autsorsing bo‘yicha texnologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Texnoparkning bu kabi xizmatlari arzonligi, sifati qolishmasligi bilan xorijliklarga ma’qul bo‘lmoqda.

“Iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bog‘liq. Shuning uchun bu sohaga yanada keng imkoniyat, zarur infratuzilma yaratish, mutaxassislarni har tomonlama rag‘batlantirish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur texnopark rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar 2028-yilning 1-yanvariga qadar soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Qisqa vaqtda uning rezidentlari soni 300 dan ortdi.

Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida bu yerda yana yettita lotda qurilish qilinib, IT-ofislar, biznes markazi, mehmonxona va boshqa binolar barpo etish rejalashtirilgan. 

Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020-yilda 10 million dollardan ortishi, 2025-yilda esa 100 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar.