Saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan shubhali xabarni o‘rganadi

Markaziy saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki deputatlar orasida “o‘lik jonlar” borligi haqidagi xabarlarni o‘rganadi.
Sputnik

TOShKENT, 20 noya – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, partiyalardan birida ikki yil oldin vafot etgan kishi nomzod etib ko‘rsatilgani haqidagi xabarlarni o‘rganib chiqadi, deb xabar qildi komissiya matbuot xizmati.

“Markaziy saylov komissiyasi, bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bir necha yil oldin vafot etgan shaxsning deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinganligi haqidagi tahminiy xabarlarga munosabat sifatida bu ma’lumotning haqqoniyligini tekshirish  yuzasidan ish boshlaganini ma’lum qiladi. Markaziy saylov komissiyasi qisqa vaqt ichida jamoatchilikka tekshiruv natijalari haqida xabar beradi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, biroz oldin ijtimoiy tarmoqlarda “partiyalardan biri taklif qilgan nomzodlar orasida 2-yil oldin bu dunyoni tark etgan do‘stimning ismi sharifi va fotosuratini ko‘rdim”, degan xabar paydo bo‘lgan edi.  

P.S. Ushbu xabar tayyor bo‘lganda dastlab shu xabarni tarqatgan kishi anglashilmovchilik yuz berganini va deputatlar ro‘yxati to‘g‘ri ekanini ma’lum  qildi.