Jahongir Ortiqxo‘jayev va jurnalistlar muammosi hal bo‘ldi

Ortiqxo‘jayev va jurnalistlar orasidagi muammoga barham berildi. Kun.uz hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topdi.
Sputnik

TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va jurnalistlar orasidagi o‘zaro tushunmovchilikka barham berildi, deb xabar qilmoqda Kun.uz.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlarni haqoratlayotgani, ularga tahdid qilayotgani aks etgan audioyozuv, so‘nggi kunlarda  jamoatchilik orasida keng muhokama bo‘layotgan edi. Kecha, 17-noyabr kuni shahar hokimi va Kun.uz jamoasi orasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Shuni rasman ma’lum qilmoqchimizki, mazkur muloqot yakuniga ko‘ra sayt jamoasi va poytaxt hokimligi rahbariyati o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topdi. Tomonlar bir-birini tushunib, o‘zaro murosaga keldi.

Sayt tahririyati hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topadi”, - deb yozadi nashr.

Xabar so‘ngida Kun.uz blogerlar va jurnalistlardan ushbu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘ragan.