Qashqadaryoda 5 nafar erkak tomonidan zo‘rlangan ayol ishiga oid yangi tafsilotlar ochiqlandi

Shu kunlarda Qarshida bir guruh fuqarolar tomonidan zo‘rlangan ayol voqeasi ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Qashqadaryoda bir guruh shaxslar tomonidan zo‘rlangan ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Senat Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini kuzatib borishini ma’lum qildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi sadist er bilan yashab kelgan Muhayyoni doimiy nazoratga oldi

Ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgani afsus bilan qayd etilgan.

Xabarda ayol kishining erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrarligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda 5 nafar erkak 26 yoshli ayolni zo‘rlagani haqida Postda.uz gazetasi xabar qilgan edi.

“Hayratlanarlisi esa, e’tibor bergan bo‘lsangiz, voqea yarim tunda sodir etilgan. Haqli savol tug‘iladi: yosh qizning shu paytda sababsiz ko‘chada yurishiga ota-onasi qanday yo‘l qo‘yib berdi ekan. Bu ham oilada tarbiya masalasiga e’tiborsizlikdan biri emasmi? Bu kabi savollar ko‘p. Lekin bu singari savollarni jiddiy o‘ylab ko‘rmaslikning oqibati jinoyatlar kelib chiqishiga sabab emasmi?!”, - deya yozgandi o‘shanda nashr.

Qayd etish joizki, hozirda nashr saytidan ushbu xabar o‘chirib tashlangan.