TOShKENT, 13 noya - Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev rossiyalik hamkasbi - RF bosh harbiy prokurori Valeriy Petrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda idora matbuot-xizmati.
"Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, avvalo, ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish yuzasidan fikr almashdilar", - deyilgan xabarda.
Shuningdek, tomonlar o‘zlariga qiziq bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilib, idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashganlar.
O‘zbekiston tomoni Rossiya delegatsiyasining tashrifini ikki davlat prokuraturalari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim voqea deb qayd etgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli idoralararo hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish va bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash hamda prokuratura kadrlarini tizimli o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish sohalarida tajriba almashish orqali hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.