O‘zbekistonda yangi mustaqil aviakompaniya tashkil etiladi

Qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yo‘li bilan aviatashuvlar narxini optimallashtirish, aviachiptalarni onlayn-sotilishini kengaytirish, elektron aviatsiya yuk xatini rasmiylashtirish tizimlari joriy etilishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 11 noya - Sputnik. O‘zbekiston Transport vazirligining xabar qilishicha, xorijiy ekspertlar xulosalariga ko‘ra Jahon banki maslahatchilari ko‘magida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilgan korxonalarning yangi nizomlari tayyorlanib tasdiqlandi.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi oldida qo‘yilayotgan yangi maqsad va vazifalarga muvofiq, buyurtmachilarning maxsus aviatsiya ishlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, “kichik aviatsiya” havo kemalari parkidan samarali foydalanish maqsadida islohotlarda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida maxsus aviatsiya ishlarini, respublika ichki va halqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashish bilan bog‘liq faoliyatni bajarish, shuningdek turizm va sanitariya aviatsiyasi sohasida aviatsiya xizmatlarini taqdim etish uchun mustaqil aviakompaniya tashkil etish ko‘zda tutiladi.

Xabarda aytilishicha, hozirgi vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi aviakompaniyani tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Fuqaro aviatsiyasi korxonalari mutaxassislari tomonidan Jahon banki maslahatchilari bilan birgalikda qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yo‘li bilan aviatashuvlar narxini optimallashtirishni, aeroport infratuzilmasini qurish, ta’mirlash, kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturini, aviatsiya yoqilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni, aviachiptalarni onlayn-sotish imkoniyatlarini kengaytirish hamda elektron aviatsiya yuk xatini rasmiylashtirish tizimini joriy etishni belgilaydigan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarini rivojlantirishning biznes-modelini ishlab chiqish ishlari ustida ishlar olib borilyapti. 

Hindiston kompaniyasi O‘zbekiston aviatsiya bozoriga kirmoqchi

Yaqin va o‘rta masofalarga parvozlarni amalga oshiradigan havo kemalaridan foydalanish, respublika ichida norentabel qatnovlarni bajarishda aviatashuvchilarni subsidiyalash mexanizmini amalda tatbiq etish hisobiga O‘zbekiston Respublikasining mahalliy yo‘nalishlari bo‘yicha aviatashuvlarni rivojlantirish masalalari ishlab chiqilmoqda.