Hugo Boss kostumlari endilikda Namanganda tikiladi

Mahsulotlar “Hugo Boss” orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga, shuningdek Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 8 noyab - Sputnik. Shu kunlarda O‘zbekistonning Namangan viloyatida Germaniyaning taniqli “Hugo Boss” kompaniyasi delegatsiyasi tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Kompaniya vakillari ishtirokida Namangan viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilinishicha, yillik 3 mlrd AQSh dollardan ziyod aylanmaga ega bo‘lgan “Hugo Boss” kompaniyasi ushbu brend ostidagi kostumlarini Namanganda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ydi.

Uchrashuv davomida Namangan viloyat hoqimi tomonidan O‘zbekistonda majburiy mehnatga to‘la barham berilishi natijasida o‘zbek paxtasidan tikilgan mahsulotlarga jahon bozorida keng yo‘l berilgani, mashhur brendlarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka intilayotgani ma’lum qilindi.

Hugo Boss kostumlari endilikda Namanganda tikiladi

“Hugo Boss” kompaniyasi o‘ziga viloyatdagi ko‘plab tekstil korxonalari orasidan hamkor sifatida tanlab olgan “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yo‘nalishda o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun yangi ishlab chiqarish liniyasini ham ishga tushirishi ma’lum qilindi.

“Vakkoni” markasi ostida ishlab chiqarayotgan liboslari bilan keng tanilgan “Lyuks plyus servis” MChJ tomonidan ishga tushiriladigan yangi liniya loyihasining umumiy qiymati 10 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Korxonaning 5 mln AQSh dollarlik mablag‘i hisobidan amalga oshiriladigan birinchi bosqichning o‘zida 800 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Mahsulotlar “Hugo Boss” orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga, shuningdek Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinishi rejalashtirilgan.