Mirziyoyev MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari bilan qanday masalalarni muhokama qildi.
Sputnik

TOShKENT, 7 noya – Sputnik. Bugun, 7-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishida ishtirok etadigan delegatsiyalar boshliqlarini qabul qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Mirziyoyev MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

“Prezidentimiz mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekistonda MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, jumladan, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. Xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash mamlakatimizning Hamdo‘stlikda 2020-yilgi raisligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi”, - deyilgan xabarda.

Tashkilotga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, shu jumladan tezkor axborot almashish hamda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Mirziyoyev MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda, internet va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan zo‘ravonlik va radikal qarashlarni targ‘ib qilish maqsadida foydalanishga chek qo‘yish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.