O‘zbekistonda ilk bor volontorlar faoliyatiga huquqiy maqom berilmoqda

O‘zbek deputatlari tomonidan volontorlik sohasida tegishli qonunchilik yo‘qligi yoshlarni davlat siyosati va milliy mentalitetga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida «birlashtirish”ga faol harakat qiluvchi xorijliklarga «keng maydon” yaratib berishi mumkin deya qayd etilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 6 noyab - Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 6-noyabrda o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida deputatlar “Volontorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekistonda bugungi kunda 80 dan ziyod yirik professional volontorlik tashkilotlari mavjud.

Deputatlar tomonidan volontorlik (ko‘ngillilik) ijtisoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyot bobida katta salohiyatga ega institut sifatida e’tirof etilib, ko‘ngillilik, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga faol kirishish jarayonlariga ko‘maklashishga, zarur ish tajribasini to‘plashga, mehnat bozori talablari bo‘yicha malaka va ko‘nikma hosil qilishga, ijtimoiy munosabatlarda ularning faolligini oshirishga turtki berishi ta’kidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Lyudmila Koshelapovaning qayd etishicha, «respublikada ko‘ngillilik faoliyati, tegishli tushunchalar majmui va ushbu faoliyatni amalga oshirish tartiblari mustahkamlangan, garchi ushbu faoliyat qonun hujjati bilan tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u amalda O‘zbekistonda rivojlanib kelmoqda”.

Ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘ngillilardan unumli foydalanadi. Ularning eng faollari – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qayd etildi.

«O‘zbekistonda qonuniy asosga ega bo‘lmasa-da, ko‘ngillilar faoliyati yetarlicha rivojlangan. Qonunchilikdagi bunday ko‘rinishdagi bo‘shliq turli toifadagi shaxslarga, shuningdek, mamlakat yoshlarini mazkur yo‘nalishda davlat siyosati va milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida «birlashtirish”ga faol harakat qiluvchi xorijliklarga «keng maydon” yaratib beradi. Qolaversa, tegishli qonun hujjatlari majmuining yo‘qligi ko‘ngillilarning huquqlari va majburiyatlari, ularning ijtimoiy himoyasi, munosib mehnat sharoitlarining kafolatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT va OAV bilan hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi masalalarni ochiq qoldirmoqda”, deya ta’kidladi L.Koshelapova.

Mazkur qonun loyihasinnig qabul qilinishi ko‘ngillilik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi, ko‘ngillilik faoliyati to‘g‘risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi, ko‘ngillilik faoliyatini yanada faollashtirishni rag‘batlantiradi.

Loyiha bilan Adliya vazirligi tomonidan ko‘ngillilar faoliyatini ro‘yxatga olish reyestri joriy qilinib, muntazam ravishda yangilab borilishi, «Ko‘ngillilik shartnomasi”ni amaliyotga joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi uch o‘qishda qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga tasdiqlash uchun yuborildi.