“Hukumat soati”: Internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston jahonda oxiridan nechanchi o‘rinda?

O‘zbekistonning butun hududini mobil aloqa to‘lqinlari bilan qamrab olish ishlari qachon yakunlanadi? Respublikaning tog‘li va chegara oldi hududlarida, shuningdek, aholi kam istiqomat qiluvchi qishloqlarda mobil aloqaning “duduqlik kasali”ga qachon barham beriladi?
Sputnik

TOShKENT, 6 noyab - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida joriy yil 6-noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da deputatlar tomonidan berilgan keskin savollarga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadikov javob qaytardi.

«Hukumat soati”da “Mamlakatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va mavjud muammolar hamda ularning yechimlari to‘g‘risida”gi masala kun tartibida bo‘ldi.

Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida o‘tgan 9 oy mobaynida jami 7,9 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 546,6 mlrd. so‘mlik kompyuter dasturlash xizmatlari ko‘rsatilgan. Ularni eksport qilish hajmi 102,5 mln. AQSh dollarni tashkil etgan.

Investitsiya dasturiga muvofiq, jami 82,8 mln. AQSh dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, belgilangan reja 153 % ga bajarilgan.

“O‘zbektelekom” internet tezligini oshirish usullarini ma’lum qildi

Telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish yo‘nalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s ni, foydalanilayotgan sig‘imi 650,0 Gbit/s tashkil etgan bo‘lib, yil boshiga nisbatan 48,1 %ga o‘sgan.

Shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rsatkichlari (xalq ta’limi (31%), maktabgacha ta’lim (29 %) va tibbiyot muassasalari (31 %) mamlakatdagi barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlarining soniga olib qaraganda juda past bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlarni keskin oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish yuzasidan takliflar berildi.