Telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish osonlashdi

Telefonni IMEI bo‘yicha endilikda davlat xizmatlari sayti orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Tizim joriy yil 1-noyabrdan ishga tushirildi.
Sputnik

TOShKENT, 5 noya - Sputnik. Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portalida mobil moslamalarning IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berish xizmati ishga tushirildi.

Bunday xizmat O‘zbekiston hududida qo‘llanilayotgan, hududga olib kirilayotgan va sotish uchun yoki shaxsiy foydalanish uchun ishlab chiqarilayotgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Mobil moslamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda 1-apreldan telefonlarning IMEI kodlarini ro‘yxatga olish boshlanadi

Xizmat yordamida jismoniy shaxslar, importerlar va ishlab chiqaruvchi tashkilotlar moslamalarini IMEI kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

SIM-modulga ega planshetlar, smartfon, mobil/funksional telefonlar, portativ moslamalar, adapterlar, WLAN routerlar, loT moslamalari, transport vositalari, elektron kitoblar, aloqa modullari, kompyuter va modemlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

IMEI – 15 raqamdan iborat bo‘lib, u odatda apparat akkumulyatori ostida yoki batareya yechilmas bo‘lgan taqdirda, uning ustki qismida yozilgan bo‘ladi. Mazkur maxsus raqamni aniqlash uchun *#06# raqamini kiritish orqali aniqlash mumkin.

IMEI - GSM, WCDMA va IDEN tarmog‘idagi uyali telefon hamda planshetlarda, ayrim sputnik telefonlarda qo‘llaniladi.