Turkiyadan birinchi charter parvozi amalga oshirildi

Turkiyadan uchib kelgan birinchi charter parvozi yo‘lovchilari orasida 100dan ortiq jurnalist, bloger, turfirma vakillari va din arboblari bor.
Sputnik

TOShKENT, 1 noya – Sputnik. Kecha Buxoroda Istanbuldan uchib kelgan birinchi charter parvoz tantanali kutib olindi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi.  

"31-oktabr kuni erta tongda Turkiyaning "Atlasglobal Airlines" aviakompaniyasiga qarashli Airbus-321 samolyoti Istanbul-Buxoro yo‘nalishidagi ilk charter reysni amalga oshirdi. Samolyot Buxoro xalqaro aeroportida viloyat hokimligining qator mutasaddi tashkilotlari vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi", - deyilgan xabarda. 

“Qardosh O‘zbekistonga kelganimizdan juda baxtiyormiz. Turkiyadan qariyb 25 nafar turoperator va 100 ga yaqin mehmon bilan Istanbul-Buxoro birinchi charter reysida parvozni amalga oshirdik. Turkiyada O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, ma’naviyatini ko‘rib bahramand bo‘lish uchun bu yerga kelishni istaydigan insonlar juda ko‘p", - deb  “Uchbey” turistik kompaniyasi rahbari Muhammad Gulserenning so‘zlarini keltirgan Qo‘mita.

Charter reysning ilk yo‘lovchilari orasida turkiyalik jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek, qator din arboblari va olimlar bor. Ayni damda, mehmonlar Buxoro viloyatining qadimiy hamda diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohat qilishmoqda. Navbatdagi charter reys 4-noyabr kuni Istanbul-Samarqand yo‘nalishida amalga oshirilishi kutilmoqda, deyilgan xabarda.

Turkiyadan birinchi charter parvozi amalga oshirildi