Ilmiy faoliyat yurituvchilar uchun 48 kunlik mehnat ta’tili beriladi

Qonunga muvofiq, davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga 48 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutadigan mehnat ta’tili beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 30 okt – Sputnik. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlaridan biri ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishishdan iborat.

Qonun bilan qator tashkilotlarning ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilab berildi.

O‘zbekistonda olimlarning maoshi oshdi

Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha tegishli tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, Qonunga ko‘ra, ta’lim tashkilotida iste’dodlarni aniqlash, tanlash, tarbiyalash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borish orqali yoshlar ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etiladi.

Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:

- inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikka;

- ko‘chirmachilikka yo‘l qo‘ymaslikka, o‘zgalarning ilmiy ishlanmalarini o‘zlashtirmaslikka va yolg‘on ma’lumotlarga asoslanmaslikka;

- intellektual mulk huquqlari va ilmiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishga majburdir.

Qonunga muvofiq, davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga 48 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutadigan mehnat ta’tili beriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Qonundagi ilmiy faoliyat yurituvchilar uchun mehnat ta’tili nazarda tutilgan qoidalar 2020-yil 1-yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.