Hyundai Namangandagi zavod qurilishini jadallashtirdi

Zavodning ilk tayyor mahsuloti 2020-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Namangan viloyati hokimligi vakillari va Janubiy Koreya kompaniyalari rahbarlarining amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlarida hududdagi yirik loyihalardan biri – Hyundai avtomobillar ishlab chiqarish zavodi qurilishini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya shartnomasi imzolandi. Bu haqda TIV xabar qildi.

Qayd etilishicha, ushbu shartnoma imzolanishida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi faol ko‘maklashgan.

“Zavodning ilk tayyor mahsuloti 2020-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Namangan viloyatida Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodini qurish loyihasi Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-25-noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra amalga oshirilmoqda.

Hyundai O‘zbekistonda qachon avtomobil ishlab chiqarishni boshlaydi?

Ushbu zavod qurib bitkazilgach yiliga 2500 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar va avtobuslar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Zavod to‘la ishga tushgach mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi.