Qashqadaryoda 4 sektor rahbarlari va qator tumanlar hokimlari ishdan olindi

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan va Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Sputnik

TOShKENT, 26 okt - Sputnik. Qashqadaryoda to‘rt sektor rahbarlari rasman ishdan olindi, deb xabar qildi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov.

Mirziyoyev o‘tkazgan majlisdan keyin qator rahbarlar ishdan olindi

Sal oldin  bugun, 26-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati rahbariyatining "to‘rtligi" to‘liq yoki qisman ishdan olinishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan va Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

O‘zbekiston Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Erkabay Tadjiyev Qashqadaryo viloyati prokurori etib tayinlangan.

Shuhrat Sotiboldiyev viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Azamat Bozorov esa viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallagan.

Shuningdek, bir qator tuman va shahar hokimlari ham ishdan oliinganligi aytilmoqda.

Jumladan, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Qarshi shahri, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari hokimlari mas’uliyatsizligi sabab, shuningdek, Kitob tuman hokimi sog‘ligi yomonlashganligi sabab o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilgan.