Orolbo‘yida innovatsiya va texnologiyalar hududi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga qaraganda, Orolni butunligicha qayta tiklash imkoni yo‘q, shuning uchun Orol inqirozining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 25 okt - Sputnik, Mariya Naumenko. Orol bo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi tashkil etiladi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri Shavkat Mirziyoyev nutqiga asoslanib xabar qiladi. 

O‘zbekiston prezidenti “Orol bo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida, shuningdek, tabiiy ofatning salbiy natijalarini kamaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar borasida ham to‘xtab o‘tilgan. Murojaatnomani Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov o‘qib eshittirdi.

Bugun “yashil” iqtisodiyotga har kimdan ham ko‘proq O‘zbekiston muhtoj

“Orol – eng yirik global ekologik ofatlardan biri. Uning oqibatlari bugungi barqaror taraqqiyotga ta’sir o‘tkazishda davom etmoqda. Orolning qurigan tubida bir millionga yaqin gektar muhofazalovchi daraxtlar ekilgan: saksovuldan tortib boshqa tuzga chidamli o‘simliklargacha. Orol dengizining qurishi oqibatlarini oldini olish uchun xalqaro kuch va resurslarning birlashuvi talab qilinadi”, - dedi Mirziyoyev.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, Orol dengizini to‘liq ravishda qayta tiklashning imkoni yo‘q, shuning uchun ham Orol inqirozining atrof-muhitga va mintaqadagi millionlab kishining turmush tarziga salbiy ta’sirini kamaytirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

“Biz Orol bo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirishni taklif qilamiz. E’tiboringizga maxsus ishlab chiqilgan konsepsiya loyihalari taqdim etiladi. Ular mintaqaning “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan”, - deyiladi respublika rahbari nutqida.

Tadbirda qariyb 40 ta mamlakatdan 300 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda. Konferensiya davomida mehmonlar toza texnologiyalarga investitsiyalarni jalb qilish masalalari, qurg‘oqchilik, ekologik migratsiyani oldini olish usullari, Orol bo‘yi mintaqasida ekologik turizmni taraqqiy toptirish kabilarni muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.

Orol dengizining qurigan joyida o‘rmon qad roslamoqda

Ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etishga xorijiy sarmoyalarni jalb qilishning sharoitlarini shakllantirish uchun zarur choralarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Orol inqirozining atrof-muhitga va mintaqa aholisiga halokatli ta’sirini qisqartirish hozirgi zamonning muhim vazifalaridan deb belgilandi.

O‘zbekiston rahbari tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va yirik ijtimoiy infratuzilma loyihalarini joriy etish orqali Orol bo‘yini umidlar va imkoniyatlar mintaqasiga aylantirishdek tashabbusning amalda tatbiq etilishiga ushbu konferensiya asos soladi.