TOShKENT, 24 okt - Sputnik. Rossiyalik sharhlovchi Gennadiy Orlov Eldor Shomurodov o‘yiniga nisbatan bildirgan sharhi yuzasidan Sputnik O‘zbekiston uchun maxsus izoh berdi.
G.Orlov so‘zlariga qaraganda, u bor-yo‘g‘i o‘zbekistonlikning futboldagi idroki va zakovati haqida gapirgan edi.
“Men uning iqtidorli futbolist ekanligini nazarda tutgandim. “O‘zbek” deganda, tabiiyki, men o‘zbek futbol maktabini ko‘zda tutdim”, - deydi sharhlovchi.
Sobiq ittifoq davrida o‘zbek futbol maktabi nihoyatda kuchli o‘yinchilarni tayyorlar edi, deya eslaydi u. Ular ittifoqning olimpiya terma jamoasi tarkibida ham ishtirok etardi. Hozirda esa, bunday tajriba, albatta, yo‘q.
Sharhlovchi Shomurodovning futboldagi ko‘nikmalari bilan ta’sirlanishi va ulardan zavq olishi haqida ham aytib o‘tdi. Orlov so‘zlariga qaraganda, o‘zbekistonlik o‘yinchi faqat tajribali forvardlarga xos malaka va ko‘nikmalarga ega.
“Eldor tajribali futbolchilargagina xos uddaburonlikka ega. U original o‘yinchi, aynan shuning uchun ham o‘nta to‘p kirita olgan”, - qo‘shimcha qildi sharhlovchi.
Suhbatdosh ko‘pchilik futbol ishqibozlarining uning qilgan sharhiga nisbatan izohlari bilan achchiqlangandek bo‘ldi. U futboldagi aql-idrok, zakovat haqida gapirganini va bu yerda millatning hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu alohida olingan toifa futbolchilari. Butunlay boshqacha tafakkur, o‘yin maydonini ko‘ra olish qobiliyati. Men o‘zbeklarni ruslarga qarama-qarshi qo‘yganim yo‘q. Bu qandaydir safsata”, - dedi Orlov.
Eldor Shomurodov – O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinchisi va “Rostov” futbol klubi forvardi. U 13 ta matchda 10 ta to‘p kiritish orqali Rossiya premyer-ligasida eng yaxshi bombardirlar ro‘yxatida “Krilya Sovetov” hujumchisi Aleksandr Sobolev bilan birgalikda birinchi o‘rinni egallaydi.