Toshkent viloyatida tadbirkor 1,4 mlrd so‘mlik soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani aniqlandi

Bosh prokuratura “G.Q.N” va “G.S.E” MChJ rahbari va boshqalar juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamaganini fosh etdi.
Sputnik

TOShKENT, 23 okt – Sputnik. Bosh prokuratura Toshkent viloyatida juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamaslik holatini aniqladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda “G.Q.N” va “G.S.E” MChJ rahbari Ulug‘bek.T. va boshqalar korxonalar tomonidan bajarilgan ishlar va tovarlar realizatsiyasidan kelib tushgan 7,3 mlrd. so‘m pul mablag‘larini soliq to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida hisobotlarda yashirishgani aniqlangan.

Natijada budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan 1,4 mlrd. so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganliklari oshkor bo‘lgan.

Shuningdek, ular mahsulotlar sotuvidan tushgan 4,8 mlrd. so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan juda ko‘p miqdorda savdo qoidalarini buzganlar.

Mazkur holat yuzasidan Ulug‘bek.T. va boshqalarga nisbatan JKning 184 (“Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash”) va 189-moddalari (“Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.