TOShKENT, 23 okt – Sputnik. Buyuk Britaniyaning Esseks grafligi hududida ichida 39 kishining jasadi bo‘lgan yuk mashinasi topildi. Bu haqda Sky News xabar qilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, yuk mashinasi 19-oktabr kuni Buyuk Britaniyaga Bolgariyadan kelgan. Mashina Greys shaharchasida joylashgan sanoat hududida bo‘lgan.
Halok bo‘lganlarning 38 nafari katta yoshlilar va bir nafari o‘smir bo‘lgan. Mahalliy politsiya departamenti zobiti Endryu Mariner halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash ko‘p vaqt talab qilishini mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Aniqlanishicha, yuk mashinasi haydovchisi - 25 yoshli shimoliy irlandiyalik. U qotillikda gumonlanib hibsga olingan.
“Biz qotillikka aloqadorlikda gumon qilib haydovchini hibsga oldik, surishtiruv ishlari davom etmoqda”, - degan Endryu Mariner.
Mashina topilgan hudud politsiya xodimlari tomonidan o‘rab olingan.
Ta’kidlanishicha, politsiya hozircha hodisaning biror bir talqinini ilgari surmagan. Buyuk Britaniya IIV rahbari Priti Patel fojiali hodisadan shok holatiga tushganini ma’lum qilgan.